Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Urganch shahridagi «UzXCMG» qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligidagi ushbu korxona 2014-yilda tashkil etilgan. Loyihaning birinchi bosqichida qishloq xo‘jaligi texnikalarini yirik bo‘g‘inli yig‘ish, ikkinchisida sanoat usulida yig‘ish, uchinchisida esa ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yo‘lga qo‘yildi.
Hozirgi kunda bu yerda 13 xil ekskavator, 10 turdagi maxsus texnika ishlab chiqarilmoqda. Suv xo‘jaligi, qurilish va yo‘l ta’mirlash sohalari uchun o‘ta zarur bo‘lgan bunday texnikalar ilgari valyuta evaziga xorijdan keltirilar edi. Ehtiyot qismlar ta’minoti va servisda ko‘p qiyinchiliklar bor edi.
Qo‘shma korxonaning ishga tushirilishi bu zaruratni hal etish bilan birga viloyatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yurtimizdagi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida bajarish imkonini bermoqda.
Shu kunga qadar korxonada xalqaro standartlar asosida 2 mingga yaqin maxsus texnika ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshgan. Endi mahsulotlarni chet elga, jumladan, qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Ekskavator va maxsus texnikalar buyurtma asosida ishlab chiqarilishi ham mumkin.
Tojikistonlik mehmonlar zavoddagi ish jarayonini, qishloq xo‘jaligi mashinalari va maxsus texnikalarni ko‘zdan kechirdi.