15-16 oktyabr kunlari Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning tadbirda ishtirok etish uchun kelgan xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays, YeXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon, OHICHK bosh kotibi Qayrat Saribay, SHHT bosh kotibi o‘rinbosari Sohail Xon, Atlantika kengashining Yevroosiyo markazi direktori o‘rinbosari Endryu D’Aniyeri va Martti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasining Osiyo dasturi rahbari Aleks Virtanen bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Ilmiy-tahliliy muloqotni rivojlantirish va qo‘shma ekspertlik tashabbuslarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlar tomonlarning sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdan manfaatdorligi yuqori darajada ekanligini tasdiqladi va amaliy muloqotni davom ettirish uchun asos yaratdi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona tinchlik forumi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, YeXHT, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, bir qator xalqaro va milliy hamkorlar tomonidan tashkil etildi.
Uning ishida MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi "aql markazlari" ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes, akademik doiralari vakillari va yoshlar faollari ishtirok etdi.