O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Janubiy Koreyaning Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo’yicha qo’mitasi raisi Song Yong-gil boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Suhbat mobaynida mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, O'zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Song Yong-gil O'zbekistonni Koreya Respublikasining strategik muhim va ishonchli hamkori sifatida ta’rifladi. O'zbekiston rahbariyatining siyosati mamlakatlarimiz o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni butunlay yangi darajaga ko'tardi.
Koreya delegatsiyasi rahbari O'zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari o'rtasida ishonch va shaxsiy munosabatlarning yuqori pog’onaga ko’tarilganiga alohida urg’u berdi. Bu ikki tomonlama do'stlikning mustahkamlanishiga, mamlakatlarimiz o'rtasidagi konstruktiv va ko'p qirrali munosabatlarni izchil rivojlantirishga xizmat qiladi.
Song Yong-gil O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning mintaqada, shu jumladan, Afg'onistonda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari haqida ijobiy baholadi.