O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Koreyaning Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KIEP) tadqiqotchilari Chorong Kim va Min Sung Kim bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish muhimki, KIEP 1989 yilda tashkil etilgan davlatga qarashli iqtisodiyot sohasidagi yetakchi tadqiqot instituti hisoblanadi. KIEPning asosiy vazifasi - jahon iqtisodiyotidagi dolzarb masalalar bo'yicha Koreya hukumatiga axborot-tahliliy yordam ko`rsatish va qarorolar qabul qilishda ko`maklashishdir. 2018 yil oxirida KIEP dunyodagi eng yaxshi “analitika markazlari” reytingida 33-o'rinni, Osiyoda esa uchinchi o'rinni egalladi.
Suhbat mobaynida tomonlar O'zbekiston va Koreya Respublikasi munosabatlarining hozirgi holati va istiqboliga oid masalalar bo`yicha o'zaro fikr almashdilar. Munozara savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalarda qo'shimcha imkoniyatlarni aniqlashga va bu yo`nalishlarda ikki tomonlama ko'rsatkichlarni yaxshilashga qaratildi.
Shu jumladan, ikki mamlakatning analitika markazlari o'rtasida hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi. KIEP delegatsiyasi SMTI bilan birgalikda qo`shma ilmiy-tadqiqot tadbirlarini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Koreya ekspertlari O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasida strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yangi takliflarni ishlab chiqish uchun ekspert jamoalari o'rtasida muloqot o'rnatish muhimligini ta'kidladilar.