Davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-dekabrdagi farmoniga muvofiq, aholining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida joylarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda.
Prezidentimiz Koson tumanida “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan shunday uylarni borib ko‘rdi.
Bu yerda 2022-2026-yillarda 120 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, mahalla idorasi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport majmuasi kabi turli ijtimoiy ob’ektlar barpo etiladi. Ushbu hududda istirohat bog‘i va stadion borligi aholiga qulaylik yaratadi.
Joriy yilda 616 ta xonadonli 30 ta uy-joy qurilishi boshlangan.
Davlatimiz rahbari uylarni sifatli qurish, odamlar uchun xamyonbop qilish muhimligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova tarmog‘ini yaxshilash borasidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.