“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Elyor G‘anyiev va Qirg‘iziston Respublikasi Transport vaziri Janat Beyshenovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini jadallashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Xususan, barcha tomon uchun muhim bo‘lgan ushbu loyihani amalga oshirishda yo‘nalish marshrutini tanlash, texnik va moliyaviy shartlar bilan bog‘liq aniq masalalarni muhokama qilish uchun videokonferensiya aloqa shaklida uchrashuv o‘tkazish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Kelgusi haftada Xitoy tomoni bilan kelishilgan holda loyihaning amaliy masalalarini hal qilishni tezlashtirish yuzasidan vazirlar darajasida navbatdagi videokonferensiya aloqa shaklida onlayn uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, muloqot davomida Markaziy Osiyo va Osiyo – Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalarini oshirishda muhim bo‘lgan Lyanyungan – Lanchjou – Qashg‘ar – Irkeshtom – O‘sh – Andijon multimodal transport yo‘lagidan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Muloqot yakunida tomonlar Xitoy shaharlari, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘ylab harakatlanayotgan, Xitoyning Irkeshtom shahridan O‘sh temiryo‘l stantsiyasigacha yuklarni konteynerda yetkazish va bu yerda blok-poyezdlarni shakllantirgan holda so‘nggi manzilga yuk yetkazib berish zanjirining uzilishlarsiz faoliyat yuritishini tashkil qilish, transport vositalarining to‘siqlarsiz o‘tishini ta’minlashga kelishib olindi.

Manba