SMTIda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Pekin Universitetining Xalqaro va strategik tadqiqotlar instituti (XSTI) vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida O'zbekiston va Xitoy munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ko'p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog’ida XSTI prezidenti o’rinbosari Guan Guihay so’nggi ikki yil davomida O’zbekistonda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda erishilgan yutuqlariga yuksak baho berdi. Uning so’zlariga ko’ra, "Toshkentning pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosati xalqaro maydonda O’zbekiston bilan hamkorlik qilishga bo’lgan qiziqishni oshirmoqda".
Shuningdek, O’zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish va Afg’oniston muammosini tinch yo’l bilan hal etishdagi o’rni alohida qayd etib o’tildi. Xitoy ekspertlarining fikriga ko’ra, Toshkentning puxta o’ylangan tashqi siyosiy tashabbuslari mintaqaviy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikka erishishga yordam beradi.
Uchrashuv yakunida xitoylik ekspertlar ikki institutlar o’rtasida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini ta’kidladilar.