Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 4 milliard 894 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Yoshlik-1” konini borib ko‘rdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ochiq va yerosti konlari, metallurgiya va sement zavodlari, keng qamrovli infratuzilma ob’ektlarini birlashtirgan ulkan sanoat majmuasidir.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi yillardagi e’tibor natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi yanada oshirilmoqda.

“Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi shulardan biri. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq boshlangan ushbu loyihaning qiymati 4 milliard 894 million dollar.

Davlatimiz rahbariga konning salohiyati, uni o‘zlashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Hududi 11 ming gektar bo‘lgan mazkur kondan yiliga 65 million tonna ma’dan qazib olinadi. 60 million tonna mis-molibden rudasini qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi quriladi. Shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmog‘i va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etiladi.

Loyiha doirasida o‘tgan 4 yilda zamonaviy geologik tadqiqotlar, konda 83 million kub metrdan ortiq hajmdagi qazish ishlari bajarilgan. Buning uchun umumiy qiymati 415 million dollar bo‘lgan 570 dan ziyod maxsus texnikalar jalb etilgan.

Ushbu ulkan loyiha 2024 yilda ishga tushirilishi, jami 6 mingta ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Manba