Ozarbayjondan munosabat: MDH forumi axborot makonidagi dolzarb tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ldi

«MDH ekspertlar forumi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashish uchun muhim maydonga aylanishi mumkin». Bugun Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha MDH xalqaro ekspertlar forumida so‘zga chiqqan  Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Axborot texnologiyalari instituti direktori o‘rinbosari Shakir Mextiyev shuni ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Ozarbayjonda raqamli transformatsiya bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. «Ozarbayjon Respublikasida telekommunikatsiya va axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘l xaritasi (2017-2025 yillar)», «Ozarbayjon 2030: ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning milliy ustuvor yo‘nalishlari (2021 yil)”, “Sanoat 4.0 asosida mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish siyosati” shular jumlasidandir.

Shakir Mextiyev ushbu tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish me’yoriy-huquqiy zaminni takomillashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish va moliyalashtirish, axborot xavfsizligi sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutishini qayd etdi.

Shu bilan birga, ekspertning fikriga ko‘ra, MDH forumi axborot makonidagi mavjud tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish va Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro aloqalarni kuchaytirish uchun muhim maydon hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, forum O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida o‘tkazildi. Unda Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Rossiya va Moldova singari mamlakatlardan 60 nafardan ortiq vakil, xalqaro tashkilotlar va yetakchi tahlil markazlari mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Manba