O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Saudiya hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida investitsiyalar vaziri samimiy qabul uchun O‘zbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirib, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Jumladan, joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi qariyb 10 barobar oshdi. Mamlakatimizda Saudiya investitsiyalari ishtirokida 40 ta korxona tashkil etilgan.
Birgalikda energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, bank, telekommunikatsiyalar, tibbiyot va turizm sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Saudiya taraqqiyot fondi ko‘magida sog‘liqni saqlash, ta’lim va suv ta’minoti sohalarida qator ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda.
Bugun Saudiya Arabistonining 30 dan ortiq yetakchi kompaniyasi ishtirokida o‘tgan biznes forumining samarali yakunlari yuksak baholandi. “ACWA Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida uchta shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya bitimi imzolangani tadbirning muhim natijalaridan biri bo‘ldi.
Muzokaralar chog‘ida Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish masalalari ham muhokama qilindi.
Boshlangan investitsiya loyihalarining bajarilishini jadallashtirish va yangilarini tayyorlash borasidagi, shu jumladan Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olindi.