O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Pekinda qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida  XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Tadbir xorijiy davlatlar yetakchilari, rasmiy delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Pekindagi “Qush uyasi” milliy stadionida bo‘lib o‘tdi.

Marosim badiiy dasturi XXR Raisi Siz Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Insoniyat umumiy taqdiri hamjamiyati» konsepsiyasini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, Xitoy xalqining qadimiy tarixi va boy madaniyati, jahon iqtisodiyoti peshqadami sifatida erishayotgan ulkan muvaffaqiyat va yutuqlari, xalqaro olimpiya harakatining ruhi va qadriyatlarini aks ettirdi.

So‘ng Millatlar paradi bo‘lib o‘tdi. Qishki Olimpiadada ishtirok etayotgan mamlakatlarning sport delegatsiyalari, shu jumladan O‘zbekiston jamoasi stadion bo‘ylab yurdi. O‘yinlarda yurtimizdan qatanashayotgan tog‘ chang‘ichisi Komiljon To‘xtayev O‘zbekiston davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarib o‘tdi.

Yorqin sport bayrami avjida Olimpiya olovi yoqildi. Marosim bayramona mushakbozlik bilan yakunlandi.

4-20 fevral kunlari o‘tkaziladigan Olimpiya musobaqalarida sportning 15 ta yo‘nalishi bo‘yicha 109 ta medallar to‘plami o‘ynaladi, ular uchun dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan o 4 mingdan ziyod sportchi kurashadi.

 

Manba