Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, tarix, madaniyat va anʼanalar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq murakkab davrda pandemiya oqibatlarini yengib oʻtishda oʻzaro yordam koʻrsatilmoqda. Tojikiston tomoni ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashda koʻrsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida tovar ayirboshlash hajmlari ortyapti, hududlar va tadbirkorlar oʻrtasida kooperatsiya kengaymoqda.

Davlat rahbarlari oʻtgan oyda boʻlib oʻtgan qator ikki tomonlama tadbirlarning samarali natijalarini yuqori baholadilar. Xususan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi hamda biznes-forum, ilmiy-amaliy konferensiya, parlament aʼzolari va ziyolilar uchrashuvlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi, qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy obyektlar ochildi.

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki mamlakat hukumatlariga keng koʻlamli hamkorlikni kengaytirish hamda boʻlajak sammitning yangi kun tartibini har tomonlama puxta tayyorlash boʻyicha “yoʻl xarita”sini ishlab chiqishga topshiriq berdilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon muloqoti soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga mamlakat siyosiy hayotidagi muhim tadbir – joriy yil 11-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

Manba