2-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari butun musulmon olami uchun muqaddas ayyom – Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birini va mamlakatlarimizning birodar xalqlarini samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.
Joriy yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifda samarali natijalarga erishilgani, ular ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro delegatsiyalar tashriflari faol amalga oshirilmoqda. Yil boshidan ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 20 foizga oshdi. Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari davom ettirilmoqda. Ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.
Prezidentlarning telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi.