O‘zbekiston va Yaponiya yetakchilari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar

9-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Yetakchilar mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning 20 yilligi bilan bir-birini samimiy qutladilar.

2019-yil dekabr oyida Tokio shahrida o‘tgan sammit va oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, ularni amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda – joriy yil boshidan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ikki barobarga oshdi. Yaponiya yetakchi kompaniyalarining iqtisodiyotimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari ko‘paymoqda, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarida ko‘plab yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda. Energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, sanoatda, shu jumladan mashinasozlik va kimyo tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish, mehmonxonalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda Yaponiyaning birinchi Raqamli universiteti faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Yaponiyaning JICA agentligi va Xalqaro hamkorlik banki – JABIC doirasida ko‘rsatilgan moliyaviy va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmi 7 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, hukumat delegatsiyalarining joriy yilda o‘tkazilgan sermahsul uchrashuv va muzokaralarining natijalari yuqori baholandi.

Yetakchilar innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, fan va ta’lim sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari va parlamentlararo muloqotni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

Osaka shahrida o‘tkaziladigan «EKSPO-2025» butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekistonning keng miqyosli ekspozitsiyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Muloqot chog‘ida xalqaro kun tartibidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yaponiya Bosh vaziri mamlakat BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a’zo bo‘lishi, Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o‘g‘irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalalarida O‘zbekiston muttasil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya tomonini Kumamoto shahrida Suv sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi hamda Yaponiya Hukumati rahbari tomonidan keng mintaqamizda barqaror taraqqiyot va ravnaqqa erishish maqsadida ilgari surilgan Osiyoda amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Bosh vazir Fumio Kisida, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini hamda Afg‘onistonda bardavom tinchlik va iqtisodiy tiklanishni ta’minlashga ko‘rsatayotgan ko‘magini yuksak baholadi.

«Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning butun salohiyatini ishga solishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Fumio Kisidani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. 

O‘zbekiston va Yaponiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.

Manba