O‘zbekistonga ishonch ortmoqda

Amerikaning «Real Clear World» ommabop nashrida chop etilgan «Corsair LLC» konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jeyms Dursoning «O‘zbekiston yangi marralarni ko‘zlamoqda» nomli maqolasi mamlakatimiz axborot makonida va ekspertlari hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ushbu maqolada O‘zbekiston Prezidentining davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish jarayoniga tizimli yondashuvi ochib berilgan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining rivojlanishi tahlil qilingan.

Muallifning qayd etishicha, O‘zbekistonda erkin konvertatsiyaning jadal sur’atlar bilan joriy qilingani dunyoning ko‘plab moliyachilarini hayratga solgan. Bu islohotlar qisqa vaqtda amalga oshirilganiga qaramay, mamlakat rahbariyati tomonidan mazkur qaror natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy asoratlar hisobga olingan. Shu o‘rinda "Yetti o‘lchab, bir kes" degan maqol beixtiyor yodga tushadi. O‘zbekiston Prezidenti valyuta siyosatini erkinlashtirish bo‘yicha qarorni aynan shu tamoyilga asoslanib qabul qildi.

Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga to‘siq bo‘lgan muammo va kamchiliklar chuqur o‘rganildi.

Ushbu tahlil asosida valyutani tartibga solish jarayoniga ortiqcha ma’muriy aralashuvlar, tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiyotning alohida tarmoqlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun imtiyoz va preferensiyalar berishdagi mavjud kamchiliklarga tizimli baho berilgan. Zero, bu kamchiliklar tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng bo‘lmagan biznes sharoitlari hamda xorij valyutasi va ayirboshlash kursining parallel bozori yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan edi.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqin istiqbolda aholining ehtiyojmand qatlamiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham o‘ylangan. Ushbu yo‘nalishda manzilli va shaffof ijtimoiy nafaqa va subsidiyalarni joriy qilish, kasanachilikka keng jalb etish orqali aholi bandligini oshirish, tomorqadan samarali foydalanish, shuningdek, imtiyozli mikrokreditlar taqdim etish vositasida kam ta’minlangan oilalar turmush sharoitini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.

Mazkur islohotlar mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, o‘z bank hisobraqamidagi valyuta mablag‘larini erkin tasarruf etish uchun sharoit yaratish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni eksport faoliyatiga yanada keng jalb qilishga rag‘batlantirish kabi maqsadlarga yo‘naltirilgan. Bunda davlat tomonidan valyuta bozorini yanada erkinlashtirish bilan bog‘liq barcha ijtimoiy tavakkalchiliklar hisobga olingan.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan yangi siyosatda yagona aniq tendensiya namoyon bo‘lmoqda. Bu ichki taraqqiyot uchun yanada qulay tashqi sharoitlar yaratishga intilishdir.

Amerikalik ekspert Jeyms Durso O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar, uzoq va yaqin xorij davlatlari, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirayotganini qayd etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning sentyabr oyida BMT yuksak minbaridan turib «O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda» degan fikrlari xalqaro ekspertlar e’tiborini jalb qilayotgani shubhasiz. Bu amaliyotda o‘z isbotini topmoqda – Shavkat Mirziyoevning Prezident sifatidagi xorijga ilk safari Turkmanistonga bo‘lgani chuqur ramziy ma’noga ega. O‘zbekiston rahbari Qozog‘istonga bir necha bor tashrif buyurdi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegaralari to‘g‘risida bitim imzolandi. Shavkat Mirziyoevning yaqinda Bishkek shahriga kilgan safari natijasida Farg‘ona vodiysida nazorat-o‘tkazish punktlari ishi qayta tiklandi va ikki mamlakat o‘rtasida aholi qatnovi yengillashtirildi.

Amerikalik ekspert O‘zbekiston va Rossiyaning iqtisodiy hamkorligi va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish sohasida o‘zaro manfaatdor ekaniga e’tibor qaratdi. Tabiiyki, O‘zbekistonda iqtisodiy liberallashuv jarayonida sarmoyalarga ehtiyoj seziladi. Bu yo‘nalishda mamlakat Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Shu jihatdan O‘zbekiston rahbarining Rossiyaga davlat tashrifi yakunlari muhim ahamiyat kasb etadi. Rossiya 12 milliard dollar investitsiya yo‘naltiradigan bo‘ldi va 3,8 milliard dollarlik savdo bitimlarini imzoladi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik sur’ati ham e’tiborga loyiq. Pekinning qo‘shma loyihalar doirasidagi moliyaviy mablag‘lari hajmi 20 milliard dollarga teng. Bu investitsion loyihalar XV-XVI asrlardagi buyuk geografik kashfiyotlardan oldingi davrda bo‘lgani kabi O‘zbekistonning asosiy savdo yo‘llari chorrahasi sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.

Bu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoevning Nyu-York shahriga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni ham eslab o‘tish mumkin. Valyuta siyosatini liberallashtirish samarasida O‘zbekiston va Amerika kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bitimlar imzolandi.

Mamlakatimiz ichki hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida O‘zbekistonning ochiq va barqaror tashqi siyosati mamlakatni rivojlantirish istiqbollariga ishonch yanada mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. Buning isbotini rivojlangan mamlakatlarning O‘zbekiston Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘ygan ishonchli qadamlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Suhrob Yusupov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i