O‘zbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni AQSH Senati Milliy xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Geri Pitersni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda amaliy hamkorlikni, eng avvalo, ikki mamlakatning parlamentlararo muloqoti doirasida kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari o‘smoqda, AQSHning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari ko‘paymoqda. Muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan AQSH Prezidenti tashabbusi bilan Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi tadbirlari doirasida o‘tkaziladigan “C5+1” formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

Manba