O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Elboshi O‘zbekiston Prezidenti kuni kecha bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovida erishgan g‘alabasi bilan chin dildan muborakbod etib, birodar o‘zbek xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda xalqaro siyosatga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi ulkan hamkorlik salohiyatini ishga solishga xizmat qiladigan yirik qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga muhim e’tibor qaratildi.