Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa mintaqaviy komissisining 65-yig‘ilishiga Samarqand mezbonlik qilmoqda. Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
UNWTO Yevropa mintaqaviy komissisi yig‘ilishi 65-sessiyasining asosiy mavzusi pandemiyaning turizmga taʼsiri va uning oqibatlaridan tiklanish masalasiga qaratildi.
Tadbir Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov hamda mintaqaviy komissiya raisi – Gretsiya Turizm vaziri Garri Teoxaris nutqlari bilan ochildi.
“Prezident Shavkat Mirziyovning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalari, jumladan turizm sanoati oldida misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ochildi”, - dedi Aziz Abduhakimov va ishtirokchilarni O‘zbekistonda pandemiya davrida sohani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Shu o‘rinda u davlat rahbarining 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga to‘xtalib o‘tdi.