Shavkat Mirziyoyev: Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak

Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanidagi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikani borib ko‘rdi.

Bu shifo maskani 1994-yilda qurilgan, 2017-yilda rekonstruksiya qilingan. Bu yerda terapiya, nevrologiya, kardiologiya, revmatologiya, allergologiya, pediatriya, jarrohlik kabi bo‘limlar, tashxis uskunalari mavjud.

Ushbu markaziy poliklinika va uning tarkibidagi 9 ta oilaviy poliklinika tumanning 51 ta mahallasida yashovchi 346 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Prezidentimiz ushbu poliklinikalar negizida tibbiyot klasteri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

- Zamon talabi shunday: xususiy tibbiyot rivojlanib boraveradi. Aholining bir qismi xususiy klinikalarga boradi. Lekin davlat barcha aholini sifatli tibbiyot bilan qamrab olishi kerak. Shuning uchun bu yerni klasterga aylantirib, davolashni manzilli yo‘lga qo‘yish, samaradorligi va qamrovini oshirish zarur. Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak, - dedi Prezident.

Mutasaddilarga shu borada topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Olim Xo‘jayev nomidagi mahallada ham bo‘ldi. Bu yerda o‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan ikki qavatli uylarni renovatsiya dasturi asosida yangilash rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga shu boradagi loyiha haqida ma’lumot berildi. Prezidentimiz mahalladagi nuroniylar, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.


Manba