SMTIda britaniyalik ekspert bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Oksford universiteti professori Piter Frankopan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyodagi vaziyat, mintaqaviy jarayonlarning holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan mintaqada yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan siyosat muhokama qilindi.

Tomonlar bugungi kunda Markaziy Osiyo barqaror va izchil rivojlanayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik makoniga aylanganini ta’kidladilar. Mintaqaviy yaqinlashuvning barqaror dinamikasi mintaqa mamlakatlari iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ta'kidlanishicha, iqtisodiyotning raqobatbardosh ustunliklari va bir-birini to'ldiruvchi imkoniyatlaridan foydalangan holda mintaqa mamlakatlari sanoat kooperatsiyasini izchil rivojlantirib, o'zlarining kuchli resurs-xomashyo salohiyati va inson kapitalidan to'liq foydalanmoqdalar.

Natijada, bugungi kunda Markaziy Osiyo investitsiyalarni jalb qilish markaziga, iqtisodiy va diplomatik faoliyatning jamluvchi nuqtasiga aylanmoqda. Bu jarayonlar xalqaro hamjamiyat va tadqiqotchilarning diqqatini tortmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish va tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Piter Frankopan - O'rta yer dengizi, Rossiya, Yaqin Sharq, Fors, Markaziy va Janubiy Osiyo tarixi, shuningdek, mintaqalar va xalqlar o'rtasidagi madaniy aloqalarni o'rganishga ixtisoslashgan taniqli ingliz tarixchisi.

Shuningdek, u Osiyodan Yevropagacha boʻlgan Ipak yoʻlining paydo bo’lishini oʻrganuvchi “Ipak yoʻli: dunyoning yangi tarixi” nomli eng koʻp sotilgan kitoblar turkumi muallifi. Bundan tashqari, P. Frankopan Britaniya parlamentining 2023-yil oxirida chop etilgan Markaziy Osiyoga oid tahliliy hisobotini ishlab chiqishda ishtirok etgan.