Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nurimbetov ham ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov xorijiy tomonga Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raisligi doirasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Toshkentning sa’y-harakatlari, avvalo, mintaqada osoyishtalik, xavfsizlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida siyosiy muloqot va strategik ishonchni mustahkamlashga qaratilishi ta’kidlandi.
Ikki mamlakatning tadqiqot va tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish masalalari bo‘yicha hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini muhokama qildilar. SIPRI vakillari transchegaraviy masalalarni hal qilish va mintaqada yaxshi qo‘shnichilik muhitini qaror toptirish bo‘yicha Markaziy Osiyo tajribasini yuqori baholadilar, shuningdek, SMTI bilan aloqalarni o‘rnatish va bo‘lajak tadbirlarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida muloqotni rivojlantirish va tahlil markazlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning aniq shakllarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
