SMTIda NATOning Afg'onistondagi missiyasi qo’mondonining o’rinbosari general-leytenant R.Kripvell boshchiligidagi Britaniya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuv mobaynida tomonlar Afg'onistondagi hozirgi vaziyat, mamlakatdagi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sohalardagi sodir bo’layotgan jarayonlar yuzasidan fikr almashdilar.
Afg'onistondagi xalqaro kuchlar vakili O'zbekistonning qo'shni mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan tashabbuslarini ijobiy baholadi.
Alohida qayd etildiki, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan temir yo'llarni barpo etish va avtomobil yo'llarini modernizatsiya qilish kabi keng ko'lamli infratuzilmaviy loyihalar mustahkam Afg'oniston iqtisodiyotini shakllantirishga yordam beradi. O’z navbatida ushbu sa'y-harakatlar afg'on muammosini siyosiy yo’l bilan hal etishga amaliy yordam beradi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, Afg'onistondagi barqarorlikni ta'minlash bo'yicha hamkorlik qilishga qiziqish bildirdilar.