2025-yil 29-avgust kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi katta mutaxassisi Yerali Beksulton bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat davomida tomonlar iqtisodiy islohotlar bo‘yicha ekspert hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, bunda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar ko‘rib chiqildi.
Muloqot ishtirokchilari 2017-yildan boshlab O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Kichik va o‘rta biznes bugungi kunda iqtisodiyotning asosiy drayveri va ijtimoiy barqarorlikning muhim omili ekani ta’kidlandi.
Qolaversa, uchrashuv ishtirokchilari xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Joriy yilda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan 200 mln dollar ajratildi. Ushbu mablag‘lar ish o‘rinlari yaratish, kasbiy va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lganlar uchun ijtimoiy dasturlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar ekspertlik aloqalarini mustahkamlash va tahliliy materiallar bilan almashishga kelishib oldilar. Qolaversa, tadbirkorlik faoliyati amaliyotiga ilg‘or uslublarni joriy etish imkonini beradigan qo‘shma seminar va treninglar tashkil etishda o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.