Joriy yilning 1 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va Zamonaviy Osiyo instituti (RFA XZOI) direktori Kirill Babayev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar doirasida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. SMTI va RFA XZOI oʻrtasida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Kirill Babayev tadqiqot va tahlil institutlari darajasida o'zaro aloqalarni kengaytirish tarafdori ekanligini ta’kidladi. Iqlim o‘zgarishi, yashil energiya, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida muntazam uchrashuvlar va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdorlik bildirildi.
Ma'lumot uchun: RFA XZOI 1966 yilda tashkil etilgan bo'lib, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, KXDR muammolarini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tajribasini, ularning tarixi va madaniyatini, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarni rivojlantirishni har tomonlama o'rganish bilan shug'ullanadi.
Institutda 2023 yilda Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi (MOTM) o‘z faoliyatini boshlagan. Markazning asosiy vazifalari - Markaziy Osiyo davlatlarida zamonaviy siyosat, iqtisodiyot, xalqaro va konfessiyalararo munosabatlar, ijtimoiy-demografik jarayonlarni tahlil qilish va o‘rganishdan iborat. Markaz rahbari - Dmitriy Novikov.