Joriy yilning 19 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi – Afg‘oniston bo‘yicha tashqi va ko‘p tomonlama aloqalar departamenti rahbari Nikola Rigini, Afg'oniston bo'yicha bosh tadqiqotchi-tahlilchi Maykl Tomas, Afg'oniston bo'yicha ziddiyatli masalalar shuningdek, boshqaruv va tadqiqot bo’yicha guruh rahbari Ed Xedli va Dohada joylashgan Buyuk Britaniyaning Afg'onistondagi missiyasining iqtisodiy, gumanitar va rivojlanish bo'yicha ikkinchi kotibi Jeymi Archer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashilib, gumanitar inqirozni bartaraf etish va iqtisodiyotni tiklashda qo‘shni davlatga yordam ko‘rsatishda jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Britaniya tomoniga O‘zbekistonning Afg‘oniston borasidagi pozitsiyasi va yondashuvlari, mamlakat rahbariyatining mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berildi. Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishish va barqarorlikni ta’minlash Toshkent tashqi siyosat strategiyasining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash va mintaqani birlashtirish bo‘yicha aniq va muhim qadamlar qo‘yayotgani qayd etildi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari barcha mintaqaviy muammolarni muloqot orqali hal qilib, jahon sahnasida bir ovozdan gapirmoqda.
Umuman olganda, uchrashuv qatnashchilari Afg‘onistonga bo’lgan e’tiborni kamaytirmaslik, xalqaro hamjamiyat o‘rtasida konstruktiv, muvofiqlashtirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va bu mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarur degan fikrga kelishdi.
Britaniya diplomatlari Toshkent va Londonning Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatish borasidagi qarashlari va yondashuvlari o‘xshashligini ta’kidladilar.