Joriy yilning 23 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Xalqaro munosabatlar markazi (CSM) vakillari – CSM direktori, Varshava universiteti professori Malgojata Bonikovska va uning o'rinbosari Maykl Smagovich bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Muzokaralar chog‘ida Polsha tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat, jumladan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy kun tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Polsha ishbilarmon doiralarining Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorlikka strategik qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi. M.Bonikovskaning fikricha, “O‘zbekiston o‘zining geostrategik holati sababli Polsha mahsulotlarini Markaziy Osiyo bozorlariga eksport qilishda ko‘prik vazifasini o’tashi, Polsha esa o‘zbek tovarlarining Yevropa bozorlariga kirish eshigiga aylanishi mumkin”.
Suhbat davomida suhbatdoshlar SMTI va CSM o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashdilar. Tomonlar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish, yashil energiya, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, raqamlashtirish sohalarida takliflar ishlab chiqishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
CSM – 1996 yilda tashkil etilgan bo’lib, Polsha va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati bo'yicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan eng qadimgi Polsha mustaqil tahlil markazi hisoblanadi.