SMTIda Polsha delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 6-may kuni SMTI direktori Eldor Aripov Polsha TIV vakillari - Sharqiy departament direktori o‘rinbosari Marek Tsalka, Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Vitold Sobkov, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Martina Lesisa bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

SMTI direktori bugungi sharoitda Afg‘onistonga tahdid manbai sifatida emas, balki yangi strategik imkoniyatlar ochilishi nuqtai nazaridan qarash lozim ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakat Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan Afg‘onistonni mintaqaviy aloqalarga jalb etish, uning hududida ijtimoiy ahamiyatga ega iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish muhimligi alohida qayd etildi.

Polsha tomoni Toshkentning Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklashga qaratilgan izchil siyosatini yuqori baholadi. "O‘zbekiston Afg‘oniston masalasida an’anaviy ravishda hal qiluvchi rol o‘ynab kelmoqda va bu borada xalqaro hamjamiyatning ishonchli hamkoriga aylandi," - deya ta’kidladi Vitold Sobkov.

Polshalik diplomat, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqalararo aloqadorlikni chuqurlashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga e’tibor qaratdi. Bunda 2021-yil iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkazilgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Polsha tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Uchrashuvda ekspertlar muloqotining mustahkamlanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga va ikki tomonlama kun tartibining asosiy masalalari bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi to‘g‘risida yakdil fikr bildirildi.