SMTIda O'zbekiston-Ispaniya munosabatlarini rivojlantirish Assotsiatsiyasi prezidenti bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 26 oktyabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida mamlakatimizda bo’lib o’tgan prezident saylovlariga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan O'zbekiston-Ispaniya munosabatlarini rivojlantirish Assotsiatsiyasi prezidenti Fernando Moragon bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Suhbat davomida tomonlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlar, O'zbekiston–Ispaniya munosabatlarini rivojlantirishning istiqbolli yo'nalishlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishdi.

Fernando Moragon davlatimizda saylov jarayoni yuqori darajada tashkil etilganini yuksak baholab, prezident saylovida elektoratning faolligini alohida qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, O'zbekiston bevosita Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatni modernizatsiya qilish, keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirish yo'lidan izchil bormoqda. Bularning barchasi nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda ham yuksak e’tirofga sazovor bo'lmoqda. Xususan, «O'zbekistonning amaldagi rahbarining ishonchli g'alabasi aynan u tomonidan olib borilayotgan muvaffaqiyatli ichki va mintaqaviy siyosati tufayli amalga oshdi», – deydi mehmon.

Ispaniyalik ekspert Toshkentning mintaqadagi barcha davlatlar bilan yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi faol va do'stona siyosatini ham alohida qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, Ispaniya va Lotin Amerikasida Markaziy Osiyoda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlar va tendentsiyalarni katta qiziqish bilan kuzatmoqdalar. Shavkat Mirziyoyevning puxta o'ylangan mintaqaviy siyosati tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo mustaqil va farovon mintaqa sifatida Yevropa va butun dunyoda keng qiziqish uyg'otmoqda.

Ekspertning so’zlariga ko’ra, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekiston mintaqada barqarorlik va iqtisodiy o'sishni ta’minlashda muhim rol o'ynaydi va Ispaniya uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida alohida maqomga ega.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo'shma loyihalar ishlab chiqish va tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mavzular bo'yicha tadbirlar tashkil etish orqali ilmiy-tadqiqot aloqalarini yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.