Van Yun Jung: Markaziy Osiyo – qit’aning Yevropa bilan asosiy transport-logistika nuqtasi

Bu haqda Iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha Koreya Respublikasi Prezidenti kotibi Van Yun Jung Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqboli strategik muloqoti” mavzusidagi ekspertlar forumida so‘z yuritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo yuragida joylashgan Markaziy Osiyo sariq qit’a va Yevropa o‘rtasidagi asosiy transport, logistika nuqtasi, shuningdek asosiy xavfsizlik punkti hisoblanadi.

Van Yun Jung Prezident Yun Sok Yol hukumatining “umumiy ravnaq uchun mintaqaviy hamkorlik tarmog‘ini barpo etish” maqsadiga yo‘naltirilgan milliy vazifani amalga oshirish doirasida hamkorlikning o‘zaro manfaatli tarmog‘ini yaratish va mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

– Koreya Markaziy Osiyo strategik jihatdan muhim hudud ekanligini yaxshi anglaydi, ikki tomon barqarorligini mustahkamlaydigan sohalarda hamkorlikni kengaytiradi,– dedi u. – Bu borada yetkazib berish zanjiri, transport va logistika, sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishi va ta’lim kabi yo‘nalishlar muhim.

Bugungi kunda Koreya va Markaziy Osiyo turli sohalarda sezilarli muvaffaqiyatga erishayotgani ta’kidlandi. Har tomonlama savdo aylanmasi 30 yil ichida, taxminan, 600 barobar o‘sib,1992 yildagi 15 million dollardan o‘tgan yil yakunida 9,2 milliard dollarga yetgan. Koreyaning Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi qiymati 6 milliard dollardan oshgan.

Manba