2020-yil 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining videokonferensiya formatidagi navbatdan tashqari majlisida ishtirok etdi.
Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari, ShHT bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori yangi koronavirus infeksiyasi (COVID-19) pandemiyasi sharoitidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Koronavirus oqibatlariga qarshi kurashish va uning ShHT davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini yumshatishning dolzarb vazifalari yuzasidan fikr almashildi.
Pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha zarur choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun tashkilotga a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish va mazkur sohadagi ShHTning amaldagi mexanizmlari ishni faollashtirishning zarurligini qayd etdilar.
Pandemiyadan keyin dunyo iqtisodiyotida kuzatiladigan katta o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Majlisda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini qutladilar hamda dunyoni fashizmdan qutqarishga jasur jangchilar va front orti mehnatkashlarining qo‘shgan hissasini qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan Vazir A.Kamilov ishtirokchilarga O‘zbekistonda ushbu muhim sanani keng nishonlash bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirish jarayoni to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida Koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishi munosabati bilan ShHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining bayonoti qabul qilindi.