Joriy yilning 30-noyabr kuni Yevropa komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar - mamlakati maqomini olish uchun yuborilgan ariza bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qildi.
Tegishli hujjat Yevropa Ittifoqi Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen tomonidan imzolandi.
Qaror Yevropa komissiyasi monitoring guruhlarining O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasidagi 27 xalqaro konvensiya talablarini bajarayotgani to‘g‘risidagi hisobotlari asosida qabul qilindi. O‘tkazilgan tahlillarga asoslanib, Yevropa komissiyasi Respublikamiz “GSP+”da ishtirok etish mezonlariga muvofiq kelishi to‘g‘risidagi xulosaga keldi va uni ushbu tizimning benefisiarlari ro‘yxatiga kiritishni taklif qildi.
Belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, mazkur qaror endi ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Yevropa Kengashi va Yevropa parlamentiga havola etiladi. Qaror tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashlari mumkin bo‘ladi. Shunda, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari YeI mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo‘lgan tovar pozisiyalarining soni 6200gacha oshadi.
Mamlakatimiz tomonidan “GSP+” benefisiari maqomini olish eksportning barqaror o‘sishi va diversifikasiyasi uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bu, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli savdo munosabatlarining tez sur'atlar bilan rivojlanishiga xizmat qiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yakuniy qaror qabul qilinishini tezlashtirish maqsadida muhokamalarda qatnashish va savollarga tezda javob berish uchun Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.