Ushbu qonun bundan 30 yil oldin – 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Milliy bayrog‘imiz mustaqil davlatchiligimiz ramzi, xalqimizning orzu-umidlari, g‘ururi belgisi sifatida har bir kishida faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Bayrog‘imiz milliy-tarixiy an’analarimiz, uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy madaniyatimiz, poklik, donishmandlik, mardlik, shon-shuhrat va sadoqat kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlarni ifoda etadi.
Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi», 3-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli» ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda fuqarolarda davlatimizning ushbu ramziga nisbatan hurmatni oshirish va faxr-iftixor tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida markaziy maydonlarga ulkan bayroqlar (flagshtok) o‘rnatildi. Jumladan, Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi maydoniga 65 metr balandlikdagi, Navro‘z maydoniga 57 metrlik balandlikdagi ulkan bayroq o‘rnatildi. Ushbu tashabbus mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirildi.
Qayd etish kerakki, milliy bayrog‘imiz bilan faxrlanish bilan bir qatorda unga nisbatan mas’uliyat bilan yondashish ham talab etiladi. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunining 13-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart» deb belgilangan.
Ushbu bayram bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklaymiz!