Qayd etilganidek, “SHHT 20 yildan ortiq rivojlanish davrida davlat rahbarlari uchrashuvlarining mintaqaviy mexanizmidan yirik, keng qamrovli xalqaro tashkilotga aylandi”.
Chjan Min “katta oila”ning a’zolari safi kengayib borayotganini ham ta’kidladi:
– Keyingi oy Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitda Belarusning SHHTga qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va shu tariqa tuzilmaga a’zo davlatlar soni o‘nlik marradan o‘tadi, – dedi Bosh kotib.
Tashkilot doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida gapirarkan, notiq siyosat, diplomatiya, tinchlik, taraqqiyot, xavfsizlik kabi ustuvor vazifalar qatori turizm, sport, chiqindini qayta ishlash kabi kundalik turmushimizga yaqin sohalar ham a’zo davlatlar diqqati markazida ekaniga urg‘u berdi.
– Erishilgan natijalar “Shanxay ruhi” umumiy manfaatimizga, tashkilotning tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan asl maqsadlariga mos kelishini isbotlamoqda, – dedi u.
SHHT Forumi faoliyatiga alohida to‘xtalgan tuzilma rahbari Toshkent anjumanida yangi davrdagi taraqqiyot uchun amaliy va uzoq muddatli, o‘ta muhim ahamiyatga ega dolzarb mavzular muhokama qilinayotganiga e’tibor qaratdi.