Germaniya va Yevropa Ittifoqi kichik va o‘rta biznes vakillari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov  Germaniyaning kichik va o‘rta korxonalar federal uyushmasi (BVMW) va Yevropa Ittifoqi kichik va o‘rta biznes milliy assotsiatsiyasi (CEA-PME) rahbarlari, shuningdek, Germaniya sanoat va transport-logistika kompaniyalari vakillari bilan videokonferensiya shaklida muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri manbasiga asoslanib.

Tadbirda O‘zbekistondan tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, Germaniya tomonidan AKT, elektrotexnika, tibbiy kosmetika, qurilish materiallari va boshqa qator tarmoqlarda faoliyat yurituvchi «Shnayder Grup», “Durum”, «ErEsPe Interneshnl», «Medikos Kosmetik» kabi 38 ta Germaniya kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Videokonferensiya chog‘ida investitsiya sohasida hamkorlikning joriy holati va rivojlanishining istiqbollari, shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Nemis biznesi vakillari kompaniyalar faoliyati va O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Nemis tadbirkorlari O‘zbekiston hukumatining investitsiya muhitini yaxshilash, meʼyoriy-huquqiy maydonni takomillashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashdagi harakatlarga ijobiy baho berdi, shuningdek, respublikadagi faoliyatini kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Videokonferensiyada yoqilg‘i-energetika, bank sektori, tarif va notarif tartibga solish, soliq maʼmurchiligi sohalariga bag‘ishlab sessiyasi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy tadbirkor va bo‘lajak sheriklarga O‘zbekistondagi biznes muhit haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir yakunida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha keyingi qadamlar, jumladan, Germaniya kichik va o‘rta korxonalar federal uyushmasi ishchi guruhining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, Germaniya bilan O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, sanoat kooperatsiyasida sheriklikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish belgilandi.

Manba