SMTI va Turkmaniston TIV Xalqaro munosabatlar instituti O‘zbekiston-Turkmaniston ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladi

Joriy yilning 17-noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston-Turkmaniston ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risidagi Memorandum almashuvi bo‘lib o‘tdi.

Kengash ekspertlar hamjamiyatlarining muntazam o‘zaro aloqalari, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy materiallar almashish va tadbirlar tashkil etish orqali ikki mamlakat o‘rtasida keng ilmiy-ekspert muloqoti va hamkorlikni rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan.

Ushbu mexanizm doirasida ikki tomonlama loyihalarni muvofiqlashtirish, kelishilgan ish rejalarini tayyorlash, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni samarali amalga oshirish uchun soha mutaxassislari va hamkorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratiladi.