Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari X.Mori va Jahon banki instituti eksperti H. Bassat bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Suhbat chog'ida O'zbekiston bilan ushbu tashkilot o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o'zgarishlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Jahon banki mutaxassislari O'zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga yuqori baho berdilar. Ularning fikrlariga ko'ra, Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat ichida ham, chet elda ham keng qo'llab-quvvatlanmoqda. O`tgan yilda O'zbekistonning eng muhim yutuqlari bo`lib, aholi bilan muloqotni tashkil etish, uning ishonchini qozonish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tashqi savdo va investitsiyalarga to'siqlarni bartaraf etish va xalqaro maydonda mamlakat obro'sini oshirish kabilar xizmat qildi.

Ushbu ijobiy tendensiyalarni hisobga olgan holda, Jahon banki vakillari O'zbekiston bilan ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ularning fikricha, bosh ijrochi direktor K.Georgeevaning Toshkentga tashrifi, O'zbekistonning eng muhim beshta sheriklar safiga qo'shilishi va Jahon bankining kelgusi oylarda 1,5 mlrd. doll. miqdorida mablag` kiritishga tayyorligi, ikki tomonlama hamkorlikning ishonchli darajada ekanligini namoyish etmoqda.