Xitoyning yetakchi "Jenmin Jibao" gazetasining internet-sahifasida xabar qilinishicha, joriy yilning dastlabki yetti oyida Xorgos nazorat-o‘tkazish punkti (BSP) orqali (Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati, Xitoyning Shimoli-g‘arbiy hududi), “Xitoy-Yevropa” va “Xitoy-Markaziy Osiyo” yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘llarda tashilgan yuk hajmi 1,5 baravardan ko‘proqqa ortgan, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Gazetada yozilishicha, 2020 yilning yanvar-iyul oylarida Xitoyning Qozog‘iston bilan chegara hududida joylashgan “Xorgos” temir yo‘l o‘tkazish punkti orqali 2 ming 240 ta poyezd 3,3 million tonna yukni olib o‘tgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 55,37 foizga ko‘p.
Ushbu davrda Xitoydan kiyim-kechak, elektronika, elektromexanika buyumlari va kimyoviy mahsulotlar ortilgan 1 ming 974 ta yuk poyezdi qatnovni amalga oshirgan.
Ushbu nazorat punkti orqali temir yo‘lda Yevropa va Markaziy Osiyodan bir vaqtning o‘zida Xitoyga jami 266 yuk poyezdi kirib kelgan.
"Ular asosan Germaniya, Polsha, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan paxta tolasi, qurilish materiallari, avtomobillar kabi mahsulotlarni olib kelgan", - deyiladi "Jenmin Jibao" gazetasi maʼlumotida.