Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagard davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatimiz mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, aholini ish bilan ta’minlash borasidagi tashabbuslar, investitsiya jalb qilish uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida bo‘ldi.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalarda qator ijobiy o‘zgarishlar, samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu avvalo odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratishga, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda namoyon bo‘lmoqda. Shuning barobarida yosh avlodga e’tibor qaratilib, ta’lim tizimida ilg‘or tajribalar joriy etilmoqda. Bu kelajak uchun kiritilgan muhim investitsiyadir.
O‘zbekistonda olib borilayotgan bu kabi yangilanishlar bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston bugun rivojlanishning yangi bosqichida odimlamoqda. Iqtisodiyot liberallashtirilib, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari tobora faollashib borayotir. Shu bilan birga, jadal o‘zgarishlarni, xususan, investitsion muhitni yanada yaxshilash, soliq islohotlari, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni davom ettirish darkor.
Ko‘ngli ochiq, mehnatkash va mehmondo‘st xalqingiz ham ushbu o‘zgarishlarga xayrixoh, ertangi kuniga ishonch bilan qaramoqda. Ana shunday orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga, amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor.
Manba: UzA