O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi.
Bosh kotib davlatimiz rahbarini O‘zbekistonning Tashkilotga muvaffaqiyatli raisligi bilan tabrikladi. Savdo, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ilgari surilgan muhim tashabbuslar va o‘tkazilgan tadbirlar IHT doirasidagi amaliy hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Uchrashuvda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi 70 foizga o‘sgani, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 5 barobarga ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashkilotning navbatdagi sammitini joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Bo‘lajak tadbir kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Bosh kotib Xusrav Noziriy Tashkilot kotibiyati IHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida yaqindan birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.