O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasi bilan yangi hamkorlik dasturini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni Toshkent iqtisodiy forumi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va ushbu yetakchi xalqaro moliya instituti o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bank delegatsiyasining joriy yil may oyida mamlakatimizga tashrifidan keyingi davrda o‘zaro hamkorlikda erishilgan amaliy natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, qo‘shma “yo‘l xarita”si qabul qilindi va bugungi kunda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlari shakllantirildi.

O‘rta shaharlarni rivojlantirish, elektr energetikasi tarmog‘ini modernizatsiya qilish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish borasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli shartlarda qarz taqdim etish ma’qullandi.

Umuman olganda, bugungi kunda Jahon bankining 4,8 milliard dollarlik moliyaviy resurslarini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan 26 ta loyiha hamkorlik portfelini tashkil etadi.

Shuningdek, kambag‘allikka qarshi kurashishning metodologik asoslarini tayyorlash, xususiy sektorning investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat korxonalari islohotini davom ettirish va O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning natijalari ko‘rib chiqildi.

Jahon banki tashabbusi bilan ishga tushirilgan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik bo‘yicha “Mamlakat platformasi” o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi.

Vitse-prezident Anna Berde Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning borishini yuksak baholadi, ular ortga qaytmas tus olganini qayd etdi.

Jahon banki mamlakatimizda turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan yangilanishlarga ko‘makni kengaytirishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida hamkorlikning yangi besh yillik dasturini tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bu borada kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, davlat korxonalari transformatsiyasini davom ettirish, hududlarda industriallashuvni tezlashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligini, shu jumladan innovatsiyalar va tomchilab sug‘orish texnologiyasini keng joriy qilish orqali jadal rivojlantirish kabi strategik yo‘nalishlar ustuvor masalalar sifatida belgilab olindi.

Jahon banki vakillarining mintaqada tadbirkor-ayollar muloqoti bo‘yicha yangi ko‘p tomonlama platformani shakllantirish borasidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Bo‘lajak tadbir va muloqotlar rejasi ko‘rib chiqildi, qo‘shma loyihalarni jadallashtirishning birinchi galdagi choralari kelishib olindi.

Manba