23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiyni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida bugungi kunda ikki birodar mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va qat’iy harakatlari tufayli yuksak darajaga erishilganini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik barcha yo‘nishlarni qamrab olgan va jadal rivojlanishda davom etmoqda, aniq mazmun bilan boyimoqda.
Yaqin oylarda Tojikistonga oliy darajadagi tashrif rejalashtirilgan bo‘lib, bugun ikki mamlakat hukumatlari uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish ustida astoydil ishlamoqda.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasiga erishishdagi katta xizmatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun elchi Sodiq Imomiyni O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirladi.
Diplomat uning mamlakatimizdagi faoliyatiga yuksak baholangani va har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani uchun O‘zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Sodiq Imomiy mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi maqsad va vazifalarni so‘zsiz amalga oshirishga bundan buyon ham bor kuch-g‘ayratini qaratishini ta’kidladi.