Bugun Ostona shahrida o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘ziga ajratilgan qarorgohda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bag‘dod Amreyevni qabul qildi.
Keyingi yillarda tashkilot doirasidagi muloqot faollashib, ko‘p qirrali hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil noyabr oyida Samarqandda bo‘ladigan sammitga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlarining majlisi arafasida kun tartibini hamda savdo, investitsiya, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va gumanitar almashinuv bo‘yicha ko‘p tomonlama hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida vazirlar darajasida qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Tashkilot sammitini puxta tayyorlash uchun ushbu nufuzli mintaqaviy tuzilma kotibiyati bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.