O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisining o‘rinbosari Binali Yildirimni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Binali Yildirim davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Turkiya strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zaro savdo hajmlari ortmoqda, zamonaviy sanoatni barpo etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi Strategik sheriklik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil noyabr oyida tashkilotning Istanbul sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar transferi kabi sohalardagi qo‘shma tashabbus va loyihalarni ilgari surish shular jumlasidan.
Mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.