O‘zbekiston Prezidenti va Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Yetakchilar G‘alaba kuni va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon hayiti bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Suhbatda O‘zbekiston-Qozog‘iston ko‘p qirrali hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Turli darajalardagi faol va samarali ikki tomonlama muloqotlar tufayli hamkorlik ijobiy sur’atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga o‘sdi. O‘tgan oyda chegaraoldi hududlardan birida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha xalqaro markaz qurilishi boshlandi.

Ustuvor investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda tayyorlash va amalga oshirish, jumladan, Uchquduq–Qizilo‘rda avtomobil va temir yo‘llari hamda Turkiston-Toshkent tezyurar temir yo‘lini qurish ishlari olib borilmoqda.

Ikki mamlakat hududlari yaqindan hamkorlik qilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi muhim dasturlar davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti va Elboshi birodar xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, ishonch va sheriklik ruhidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanini alohida ta’kidladilar.

Manba