Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga 21 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Parijga keldi.
«Parij-Orli» aeroportida davlatimiz rahbarining tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Mamlakatimiz yetakchisini Fransiya madaniyat vaziri Rima Abdul-Malak va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Bugun davlatimiz rahbari yetakchi kompaniyalar va moliyaviy tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 22-noyabr kuniga mo‘ljallangan.
Ushbu mamlakat Parlamentining quyi palatasi – Milliy yig‘in raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emmanuel Makron muzokara o‘tkazadilar.
Davlat rahbarlari Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutiga birgalikda tashrif buyurib, xalqimiz madaniy merosiga bag‘ishlangan, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar muzeylarining eng noyob eksponatlaridan iborat yirik ko‘rgazmalar bilan tanishadi.