O‘zbekiston Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga 3-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Budapeshtga keldi.

Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda davlatimiz rahbarining tashrifi munosabati bilan O‘zbekiston va Vengriya bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Mamlakatimiz yetakchisini Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Sammitning asosiy tadbirlari ertaga, 4-oktabr kuniga mo‘ljallangan. Vengriya Prezidenti Katalina Novak bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban tor doirada va kengaytirilgan tarkibda uchrashuv o‘tkazadilar. Yakunda ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Prezidentimizning tashrifi doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan ham uchrashish ko‘zda tutilgan.

Manba