O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.
Tadbirda kelgusi haftada Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Ko‘p tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklikning muhim jihatlari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya sohalaridagi yaqin aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining amaliy tashrifi yakunlandi. Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.