O‘zbekiston va Eron Prezidentlari ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

Tehron shahridagi “Saadobod” majmuasining “Jumhuri” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Eron Prezidentiga ushbu mamlakatga tashrif bilan kelish taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratishlari ta’kidlandi.

Prezidentlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport va logistika sohasida hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Markaziy Osiyoni Eron bilan bog‘lovchi eng qisqa transport-logistika yo‘laklaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika va tibbiyot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, sanoat qurilish materiallari, mashinasozlik, uskunasozlik va elektrotexnika tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish choralari ko‘rib chiqildi.

Agrar yo‘nalishda issiqxonalar tashkil etish, qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bog‘dorchilik va baliqchilikda, qurg‘oqchilikka chidamli ekin turlarini seleksiya qilishda tajriba almashish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.   

Tomonlar madaniy, ilmiy-innovatsiyaviy aloqalarni kengaytirishga intilishini qayd etdilar. Ikki mamlakat hukumatlari ishbilarmonlar va olimlar o‘rtasidagi muloqotlarni rivojlantirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.

Xalqaro terrorizm, narkotrafik, kiberterrorchilik, odam savdosi kabi global xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Manba