O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat barqarorlashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar

1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqot qildilar.

Suhbatda kuni kecha o‘tgan muloqotlar davomi sifatida ikki davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.

O‘z vaqtida ko‘rilgan va o‘zaro muvofiqlashgan sa’y-harakatlar tufayli davlat chegarasi qismidagi vaziyatni barqarorlashtirishga erishilgani va uning keskinlashishiga yo‘l qo‘yilmagani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha masalalarni birodar mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqot orqali birgalikda hal qilish borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor ta’kidladilar.

Manba