O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanini ta’kidladilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga ega tinchlik-osoyishtalik va bardavom ravnaq tiladi.

Prezident Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi va sanoat kooperatsiyasi ko‘lami muttasil oshib bormoqda, jumladan, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi korxona va banklari o‘rtasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. «Sputnik V» vaksinasini birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda: qayta tiklangan Toshkent kinofestivali doirasida o‘tgan hafta Rossiya kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Mamlakatimizda Butunrossiya davlat kinematografiya institutining xorijdagi ilk filiali ochildi. Bundan tashqari, shu kunlarda Toshkent shahrida Rossiyada ta’lim olishga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazildi.

Prezidentlar kelgusi oyda bo‘lib o‘tadigan Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishidan kelib chiqqan holda fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

Manba